Gidrosele nima va u qanday paydo bo‘ladi?
Ona qornida homilaning rivojlanish davrida moyaklar qorin bo‘shlig‘idan chov kanali orqali yorg‘oqqa tushadi. Moyak bilan birga qorin pardaning bir qismi ham pastga qarab cho‘ziladi (qorin pardaning qinsimon o‘simtasi).
-
Muloqotli (bog‘langan) gidrotsele: Tug‘ruqdan so‘ng ushbu kanal to‘liq yopilmay qolsa, qorin bo‘shlig‘idagi suyuqlik yorg‘oqqa o‘tishi mumkin. Kun davomida bola harakatlanganda yoki yig‘laganda shish kattalashadi, ertalab dam olganda esa kichrayadi.
-
Alohida (izolyatsiyalangan) gidrotsele: Suyuqlik moyak atrofida qamalib qolgan, ammo kanal yopilgan bo‘ladi.
Asosiy alomatlari:
-
Yorg‘oqning bir yoki har ikki tomonining kattalashishi;
-
Odatda og‘riqsiz bo‘lishi (bola bezovtalanmaydi);
-
Shishgan sohaning elastik va yumshoq bo‘lishi;
-
Kun davomida o‘lchamining o‘zgarishi (muloqotli turida).
Ota-onalar nima qilishi kerak?
-
Shoshilinch vahimaga tushmang: Ko‘p hollarda 1–1,5 yoshgacha kanalcha o‘z-o‘zidan yopilib, suyuqlik so‘rilib ketishi mumkin.
-
Kuzatuv: Agar moyak sohasida qizarish, o‘tkir og‘riq yoki qattiq bezovtalik bo‘lmasa, bolalar urologi dinamik kuzatuvni tavsiya qiladi.
-
Qachon operatsiya kerak? Agar gidrosele 1,5–2 yoshdan keyin ham saqlanib qolsa, hajmi juda katta bo‘lsa yoki chov churrasi bilan birga kelsa, rejaviy kichik jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi.
Muhim: To‘g‘ri tashxis qo‘yish, chov churrasini inkor etish va kerakli kuzatuv rejasini tuzish uchun bolangizni albatta bolalar urologiga ko‘rsating (kerak bo‘lsa, UTT tekshiruvi o‘tkaziladi).